Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres jamoaning sobiq bosh murabbiyi Xabi Alonsoning iste’fosi va uning qo‘l ostidagi muvaffaqiyatsiz davr haqida fikr bildirdi.
Klub rahbarining ta’kidlashicha, mutaxassisning tayinlanishi xato bo‘lmagan, balki tashqi omillar natijalarga ta’sir qilgan.
«Men Xabi Alonsoni taklif qilib xato qilmagandim. Shunchaki vaziyat shuni taqozo etdi. Bizda tegishli darajada mavsumoldi tayyorgarlik bo‘lmadi va bu natijalarda o‘z aksini topdi», — deya Peresning so‘zlarini keltiradi El Chiringuito.
Ma’lumot uchun, Alonso o‘tgan yilning yozidan joriy yilning yanvariga qadar «qirollik klubi»ni boshqardi. Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan so‘ng u lavozimidan ozod etilgan edi.
Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sabablaridan biri sifatida mavsumoldi taqvimning zichligi ko‘rilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yozida ilk bor yangi formatdagi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tgan va u bir oy davom etgan edi. Bu esa ko‘plab grand jamoalar qatori «Real»ning ham tiklanish jarayoniga xalaqit bergan.













