Lissabonning «Benfika» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo boshqa jamoaga o‘tadigan bo‘lsa, Portugaliya klubiga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon puli miqdori ochiqlandi. Avvalroq madridliklarning sobiq ustoziga «Real» tomonidan jiddiy qiziqish borligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Record nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, «burgutlar» va Mourinyo o‘rtasidagi kelishuvga binoan, kompensasiya miqdori 7 million yevro etib belgilangan. Agar mutaxassis mavsumning so‘nggi o‘yinidan keyin o‘n kun ichida shartnomani bekor qilishga qaror qilsa, uni sotib olmoqchi bo‘lgan klub «Benfika»ga ushbu mablag‘ni to‘lashi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, «Benfika» prezidenti Ruy Koshta 63 yoshli murabbiyga amaldagi shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Mourinyoning o‘zi esa kelajagi borasidagi yakuniy qarorni faqatgina joriy mavsum yakunlanganidan so‘ng qabul qilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, «The Special One» laqabi bilan tanilgan murabbiy faoliyati davomida «Real», «Inter», «Chelsi» va «Portu» kabi jamoalar bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan.













