AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining final o‘yini tanaffusida Madonna, Shakira hamda Janubiy Koreyaning BTS guruhi qo‘shiq aytadi. Bu haqda turnirning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etadi. Hal qiluvchi final uchrashuvi AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Finaldagi shou dasturi FIFA'ning global ta’lim jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi. Tashabbus doirasida 100 million dollar mablag‘ yig‘ish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar butun dunyo bo‘ylab bolalarning ta’lim va futbolga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Qayd etilishicha, turnir davomida sotilgan har bir chiptadan 1 dollar miqdoridagi mablag‘ mazkur xayriya jamg‘armasiga o‘tkaziladi.













