O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev Ozarbayjonning «Sabah» klubi safida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, bugun chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan futbolchi aynan O‘zbekiston Professional futbol ligasi musobaqalarida porlab, katta futbol sari dadil qadam tashlagan iste’dodlardan biridir.
Umarali Rahmonaliyev 2003 yil 18 avgust kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatini Toshkentning «Bunyodkor» klubida boshlagan futbolchi 2019 yilda Pro liga musobaqalarida «Bunyodkor-2» jamoasi safida maydonga tushib, o‘zining yuqori salohiyati bilan mutaxassislar e’tiborini torta boshladi.
2020 yilda PFL tomonidan tashkil etilgan U18 O‘zbekiston chempionatida «Bunyodkor U18» sharafini himoya qilgan Umarali musobaqa davomida o‘zining iqtidorini namoyon etdi. Aynan Liga musobaqalaridagi ishonchli va yorqin o‘yinlari orqali u 2021 yildan boshlab «Bunyodkor» o‘rinbosarlar tarkibiga jalb qilindi.
«Bunyodkor» akademiyasi va o‘rinbosarlar safida o‘zini ko‘rsatgan futbolchilarga asosiy jamoa eshiklari doimo ochiq bo‘lganidek, Umarali Rahmonaliyev ham qisqa vaqt ichida asosiy tarkibga yetib bordi.
2021 yil 13 avgust kuni O‘zbekiston Superligasi 15-turi doirasidagi «Bunyodkor» — «Metallurg» uchrashuvida bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov 88-daqiqada yosh futbolchini maydonga tushirdi. Shu tariqa Umarali Rahmonaliyev O‘zbekiston Superligasidagi debyutini nishonladi. Futbolchi mavsum yakuniga qadar yana bir nechta uchrashuvda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldi.
2022 yil esa Umarali uchun haqiqiy yuksalish mavsumi bo‘ldi. U «Bunyodkor»ning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib, Superligada 21 uchrashuvda maydonga tushdi hamda 6 ta gol urdi. Uning Liga musobaqalaridagi ishonchli o‘yinlari futbolchini legionerlik faoliyati sari yetakladi.
2023 yildan boshlab Umarali Rossiyaning «Rubin» klubida faoliyat olib bordi. 2025 yil mavsumi yakunida esa futbolchi Ozarbayjonning «Sabah» klubiga ijaraga o‘tdi. Joriy mavsumda u Ozarbayjon Premyer-ligasida 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol muallifiga aylandi va jamoasi bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi Umarali Rahmonaliyevni ushbu yirik muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaydi. Liga musobaqalarida porlab, bugun xalqaro maydonda ham o‘zini namoyon etayotgan futbolchilar safida Umaralining borligi Liga uchun alohida faxr hisoblanadi.













