Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe jamoadoshlari — Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasidagi janjal haqidagi savolga javob berdi.
“Men u yerda emas edim, shuning uchun buni tasdiqlay olmayman. Nima bo‘lganini bilmasdan ketgandim. Menda ham sizlardagi kabi ma’lumot bor edi”, — dedi Mbappe.
Eslatib o‘tamiz, 7 may kuni «Real» yarim himoyachilari Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasida mashg‘ulot paytida mojaro kelib chiqqanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinchalik janjal kiyinish xonasida mushtlashuvga aylangani aytilgan.
Hodisa oqibatida urugvaylik futbolchi Valverde bosh qismida jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, har ikki futbolchi 500 ming yevrodan jarimaga tortilgani xabar qilingan.













