Shaxmat bo‘yicha 13-Jahon chempioni Garri Kasparov 2026 yilgi FIDE Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindarovning musobaqadagi ishtiroki haqida fikr bildirib, uning tezligi, aniqligi va o‘yin uslubini yuqori baholadi.
“Kiprda Sindarov yaxshi va tezkor o‘yinning ajoyib uyg‘unligini namoyish etdi. Bu vaqtni tejash va juda yuqori sifatli yurishlarni topish o‘rtasidagi muvozanatdir. U g‘alabaga mutlaqo haqli edi”, deydi Kasparov.
U o‘zbekistonlik grossmeysterni 10-Jahon chempioni Boris Spasskiyga qiyosladi:
“Agar o‘xshatish kerak bo‘lsa, ehtimol Boris Spasskiyni aytgan bo‘lardim. Juda ko‘p qirrali uslub. Spasskiy o‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarida aynan shunday o‘ynagan: tez, donalar uchun to‘g‘ri kataklarni intuitiv ravishda topa olar edi. Shu bilan birga, Sindarovning o‘yinida dinamika ham bor.
Kasparov Sindarov kelajakda buyuk shaxmatchiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
“Sindarov xuddi shunday energiya, bosim va aniqlik bilan o‘ynashda davom etsa, uni buyuk kelajak kutmoqda”, deydi 13-Jahon chempioni.
Ma’lumot uchun, 2025 yil fevralda vafot etgan Boris Spasskiy tarixdagi 10-Jahon chempioni hisoblanadi. U 1969 yildan 1972 yilga qadar shaxmat tojini o‘zida saqlab turgan va amerikalik Bobbi Fisherga imkoniyatni boy bergan.
Javohir Sindarov Ruminiya mezbonlik qilayotgan va Grand Chess Tour musobaqasi tarkibiga kiruvchi Super Chess Classic turnirining ochilish marosimida Garri Kasparov bilan uchrashgan edi.
Avvalroq Kasparov Javohir Sindarovning Gukeshga qarshi Jahon toji uchun bo‘lajak bahsdagi imkoniyatlarini tahlil qilib, o‘zaro qarama-qarshilikda o‘zbekistonlik shaxmatchini favorit deb hisoblashini aytib o‘tgan edi:
“Chempion 19 yoshda, raqib esa 20 yoshda, lekin men barchaga hurmat saqlagan holda aytmoqchimanki, hozirda shaxmatdagi eng kuchli o‘yinchi 35 yoshda. Men Sindarovning Magnus bilan to‘qnash kelishini ko‘rishni istardim. Agar Sindarov Gukeshni mag‘lub etsa, Magnus Jahon toji uchun kurashga yana qaytishi mumkin”.
Garri Kasparov shaxmat olamidagi eng buyuk shaxmatchilardan biri bo‘lib, 1985 yildan 2000 yilga qadar Jahon shaxmat tojini o‘zida saqlab turgan.













