“Manchester Siti” jamoasining norvegiyalik hujumchisi Erling Holand “Vikuins” (Viqueens) multfilmida bosh qahramonlardan biriga ovoz beradi. Mazkur loyihaga “Karatechi bola” (The Karate Kid) va “Agent Kodi Benks” (Agent Cody Banks) kabi filmlari bilan tanilgan norvegiyalik rejissyor Xarald Svart rejissyorlik qilmoqda. Bu uning animasiya janridagi ilk debyut ishi bo‘ladi.
IMDb platformasida qayd etilishicha, kemaga yashirincha chiqib olgan yo‘lovchini uyiga qaytarish uchun ikki jasur viking qiz Norvegiyadan Xitoyga yo‘l oladi. Safar davomida ular sir-asrorlarni kashf etadi, ajdaho varraklari, mushakbozlik va kung-fu sirlarini mukammal egallaydi. Shuningdek, haqiqiy do‘stlik har qanday dushmandan tortib olingan o‘ljadan ustun ekanini anglab yetadi.
25 yoshli futbol yulduzi ushbu sarguzashtli komediyada o‘zining animasion talqini – Holand ismli baquvvat viking qahramoniga ovoz beradi. Loyiha ijodkorlarining ta’kidlashicha, futbolchi baquvvat va qudratli jangchi obrazini juda tabiiy va ishonarli tarzda gavdalantirib bergan.
Rejissyor Xarald Svart futbolchining ushbu loyihaga jalb etilishi haqida shunday deydi:
“Erling butun dunyo bo‘ylab zamonaviy viking timsoliga aylanib ulgurgan – u baquvvat, qo‘rqmas va o‘ziga xos norveg. Uni ushbu koinotga aynan o‘zi sifatida olib kirish filmga kutilmagan energiya va ishonchlilik bag‘ishlaydi”.
Erling yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon futboldagi eng katta nomlardan biriga aylandi: u Angliya Premyer Ligasida bir mavsumda gol urish bo‘yicha rekordchi (2022/23 yilgi mavsumda 36 ta gol) hisoblanadi va faoliyatida eng tez 100 ta gol urgan futbolchi (atigi 105 ta o‘yinda) sifatida tarixga kirgan.
Filmda bosh rollarni – an’analarga qarshi chiqib, Norvegiyadan Xitoyga qarab madaniyatlararo uzoq sayohatga otlangan ikki isyonkor viking qizlar (Xedvig va Ingrid) obrazini britaniyalik mashhur pop-xonanda Rita Ora hamda aktrisa Ella Parnell ijro etadi. Rita Ora bundan oldin “Kung-fu Panda” va “Detektiv Pikachyu” loyihalarida, Parnell esa mashhur “Fallout” va “Arkeyn” (Arcane) seriallarida ovoz berish tajribasiga ega.
Loyiha tarkibidan boshqa taniqli ijodkorlar ham joy olgan:
Stiv Spirs (“Yulduzlar jangi”) – Qirol Erik rolida;
Anton Lesser (“Karib dengizi qaroqchilari”) – xiylagar aka Lars rolida;
Alan Karr (britaniyalik komik) – qirollik kotibi Bard rolida.
Film musiqasini esa mashhur “Muzyurak” multfilmi bastakori Kristof Bek yaratmoqda.
Instagram’da 40 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lgan Erling Holandning loyihaga jalb etilishi filmning dunyo miqyosidagi nufuzi va tijoriy muvaffaqiyatini keskin oshirishi shubhasiz. Animasion film premerasi 2026 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.













