«Nottingem Forest» markaziy yarim himoyachisi Elliot Anderson «Manchester Yunayted»ga o‘tishi mumkin. GiveMeSport nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «qizil iblislar»ning 23 yoshli xavbekka bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada kuchaygan. Klub yaqin vaqt ichida futbolchining transferi bo‘yicha «o‘rmonchilar» bilan rasmiy muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, «Nottingem Forest» Andersonni jamoada saqlab qolish uchun bor kuchini ishga solishga tayyor. Xabar qilinishicha, klub rahbariyati futbolchi uchun juda katta mablag‘ talab qiladi.
Joriy mavsumda Anderson barcha turnirlarda 48 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini 4 bor ishg‘ol etdi va 3 ta golli uzatma muallifiga aylandi.













