"Manchester Yunayted" klubidagi ajoyib o‘yinlari orqali ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan sobiq himoyachi Mikael Silvestr "Arsenal" qanot hujumchisi Gabriel Martinellining kelajagi borasida fikr bildirdi. Uning fikricha, agar "kanonirlar" joriy mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritsa, braziliyalik futbolchining jamoadan ketish ehtimoli yanada ortadi.
Ayni paytda London klubi 2004 yildan beri ilk bor APL bosh sovriniga ega chiqishga juda yaqin turibdi, qolaversa, ularda Chempionlar ligasida ham zafar quchish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud. Biroq Silvestrning ta’kidlashicha, yozda jamoa tarkibida baribir jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi.
"Martinelli yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani sababli, o‘zi transfer so‘rashi mumkin. U Braziliya terma jamoasi a’zosi va tabiiyki, maydonda ko‘proq vaqt o‘tkazishni istaydi. Hozir esa Leandro Trossar undan ko‘ra ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Albatta, chempionlikdan so‘ng jamoani tark etish chiroyli xayrlashuv bo‘lardi. Ammo buning uchun u o‘ziga mos klub, "Arsenal" esa unga munosib o‘rinbosar topishi kerak", — deya Silvestrning so‘zlarini keltiradi "Metro" nashri.
Qayd etish lozimki, Gabriel Martinelli "Arsenal"ning hozirgi tarkibidagi eng tajribali o‘yinchilardan biri bo‘lishiga qaramay, joriy mavsumda APL doirasida atigi 10 bor asosiy tarkibda maydonga tushdi, xolos.













