Tadbirkor Enrike Rikelme «Real Madrid» prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish ehtimoli haqida fikr bildirdi.
Avvalroq, amaldagi prezident Florentino Peresning tashabbusi bilan klub prezidentlik va direktorlar kengashi uchun muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish 23 maygacha davom etadi va ishtirok etish uchun 187 million yevro miqdorida moliyaviy kafolat talab qilinadi.
«Albatta, menda kafolat bor, aks holda bu haqda gapirib o‘tirmasdim. Yangiliklar ikki-uch kundan keyin paydo bo‘ladi. Biz hali ham bu borada ishlayapmiz. «Real» uchun haqiqatan ham muhim, arzirli va yaxshi narsani tashkil qilish uchun bizga juda kam vaqt berildi. Biz vaqtni behuda sarflamoqchi emasmiz.
Yaqin kunlarda bir qarorga kelamiz. Agar saylovda ishtirok etsak, bu sosyos (klub a’zolari) uchun keyingi 10, 15 yoki 20 yil davomida muhim va ilhomlantiruvchi loyiha bo‘ladi. Rejamiz — yana uch kun ishlash va agar tayyor bo‘lsak, shubhasiz o‘z nomzodimizni qo‘yamiz», — dedi Rikelme.
37 yoshli tadbirkor qayta tiklanuvchi energiya sohasida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Cox Energy Group aksiyalarining 75 foiziga egalik qiladi.













