«Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Gari Nevill Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»dan ketishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Bugun Daily Mail nashri ispaniyalik murabbiy Angliya chempionati yakunlanganidan keyin iste’foga chiqishga qaror qilgani haqida xabar berdi. Rasmiy tasdiq esa yakshanba kuni kutilmoqda.
«Bu yangilik aynan hozir paydo bo‘lganidan juda hayratdaman. Gap faqat «Arsenal»ning o‘yinida emas, balki bu «Manchester Siti»ning bahsi arafasida sodir bo‘lganida. Bunday xabarlar voqealar rivojini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda Dalglishning «Liverpul»ni, keyinchalik ser Aleks Fergyusonning «Manchester Yunayted»ni yoki yaqinda Yurgen Kloppning «Liverpul»ni tark etishi haqidagi xabarlarni eshitganim yodimda. Bular futboldagi juda muhim pallalar edi va Pepning ketishi ham shunday voqea bo‘ladi.
«Manchester Siti» bu yangilikning sizib chiqishiga qanday yo‘l qo‘yib berganiga tushunmayapman. Agar bu haqiqat bo‘lsa, klub ham, Pep Gvardiola ham xabarning aynan hozir tarqalganidan juda qattiq xafa bo‘lishadi», — dedi Nevill.
Ayni damda APLda «Arsenal»dan keyin ikkinchi o‘rinda borayotgan «shaharliklar» ertaga 37-tur doirasida safarda «Bornmut» mehmoni bo‘lishadi.













