«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola futbolchilarga 2025/26 yilgi mavsum yakunlanganidan keyin jamoani tark etishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda The Sun nashri.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «shaharliklar» 55 yoshli ispaniyalik mutaxassis bilan xayrilashishni 24 may kuni rasman tasdiqlashadi. Shu tariqa, muxlislar 25 may kuniga rejalashtirilgan Angliya Kubogidagi g‘alabaga bag‘ishlangan paradda Gvardiola bilan xayrlashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ispaniyalik murabbiy «Manchester Siti» boshqaruviga 2016 yilda kelgan edi. Uning qo‘l ostida o‘tgan 10 yil davomida «shaharliklar» 20 ta sovrinni qo‘lga kiritishdi. Ular orasida Chempionlar Ligasidagi bitta g‘alaba va APLdagi oltita chempionlik mavjud.
19 may kuni Gvardiolaning o‘rnini «Manchester Siti»da «Chelsi» sobiq ustozi, italiyalik Enso Mareska egallashi ma’lum bo‘lgan edi.













