Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ishlab kelayotgan Roberto Martines Saudiyaning «An-Nasr» klubi yulduz hujumchisi Krishtianu Ronalduning 2026 yilgi Jahon chempionatiga chaqirilishi xususida fikr bildirdi.
Mutaxassis 40 yoshli hujumchi maydonda ham, kiyinish xonasida ham o‘z vazifalarini avvalgidek a’lo darajada bajarishiga umid bildirdi.
«U men uchun namunali sardor. Millatlar ligasidagi g‘alabamizda u juda muhim rol o‘ynagan edi va biz hozir ham u xuddi o‘shanday mas’uliyat darajasini namoyish etishini hamda kiyinish xonasida o‘rnak bo‘lishini istaymiz», — deya murabbiyning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Record nashri.
Jahon chempionati shu yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak mundial Ronaldu uchun faoliyatidagi oltinchisi bo‘ladi.
Portugaliyalik forvard Saudiya Arabistoni chempionatining joriy mavsumida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













