«Barselona»ning hujumkor yarim himoyachisi Fermin Lopes o‘ng oyoq kaft usti beshinchi suyagining sinishi tufayli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Futbolchi o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali yozda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida Ispaniya terma jamoasi safinda maydonga tusha olmasligini ma’lum qildi va bu boradagi o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Operasiya yaxshi o‘tdi va men allaqachon ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yanada kuchli bo‘lib qaytish haqida o‘ylayapman. Hayot va futbol sen umuman kutmagan yoki bunga loyiq bo‘lmagan paytda shafqatsizlik qilishi mumkin, biroq bularning barchasi yo‘lning bir qismi ekanligini qabul qilish kerak», — deyiladi Lopesning xabarida.
Joriy mavsumda ispaniyalik xavbek «ko‘k-anorranglilar» libosida 48 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 13 ta gol va 17 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, mundialning guruh bosqichida ispaniyaliklar Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.













