«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi finali arafasida «Arsenal» jamoasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Mening fikrimcha, ular chempionatdagi g‘alabaga munosib edilar, juda ajoyib mavsumni o‘tkazishdi. Biz bu «Arsenal»ga qarshi avval ham o‘ynaganmiz va ularning darajasini yaxshi bilamiz. Bu to‘psiz harakat qilish borasida eng yaxshi jamoalardan biri, to‘p bilan bo‘lganda esa juda ko‘p gol urishadi. Ularni finalda ko‘rish mantiqdan yiroq emas. Haqiqatan ham ulug‘vor final guvohiga aylanishimiz mumkin.
«Arsenal»ning statistikasiga nazar tashlasangiz, Mikel Arteta jamoaga g‘oliblik mentalitetini olib kirgan lider-murabbiy ekanligini tushunasiz. Ular bir necha mavsumdan beri o‘sishga erishmoqda, to‘pga egalik qilishni yaxshi ko‘rishadi, lekin shu bilan birga to‘psiz o‘ynashda ham Yevropaning eng yaxshi jamoasi hisoblanishadi. Ular APLda zafar quchishdi va o‘tgan mavsumdagi yarim finaldan so‘ng, bu yil Chempionlar ligasi finaliga yo‘l olishdi. Ular bu yerda bo‘lishga to‘la loyiq va Arteta o‘z futbolchilariga raqobatbardoshlik ruhi hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishni singdira olmoqda», — dedi Enrike.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» va «PSJ» jamoalari 30 may kuni Chempionlar ligasi finalida o‘zaro to‘qnashadilar.













