«Yuventus» bosh murabbiyi Luchano Spalletti Italiya A Seriyasi 38-turidan o‘rin olgan «Torino»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa Chempionlar ligasiga chiqa olmasa, klubni tark etish-etmasligi haqidagi savolga javob berdi. Uchrashuv 24 may kuni bo‘lib o‘tadi.
— Bu hatto xayolimga ham kelmagan. Avvaliga hamma yangi shartnoma haqida gapirayotgandi, keyin esa darrov iste’fo mavzusiga o‘tib ketdi — sizlar meni barcha ehtimoliy ssenariylar bilan ko‘mib tashlayapsizlar. Bunday natijadan keyin xayolimga kelgan yagona narsa — agar klub nimanidir o‘zgartirishni istasa, yordam berishga tayyor bo‘lish edi. Ammo men hech qachon kim bilandir uchrashuv talab qilmaganman.
Biz klub bilan har hafta, hozir esa kelajakni rejalashtirish uchun yanada tez-tez uchrashyapmiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘l izchil bo‘lishi kerak. Birgina hodisa tufayli haqiqatga aloqasi bo‘lmagan xulosalarga berilib ketmaslik lozim. Biz aqlimiz bilan ish tutishimiz kerak. Agar kerak bo‘lsa, vaziyatni o‘zgartirish uchun yanada kuchliroq motivasiyaga ega bo‘lishimiz lozim. Yo‘lda to‘siqlar uchrashi mumkin, ammo aynan shunday holatlarda to‘g‘ri yo‘lga qaytish mumkin bo‘ladi. Bu yerda mentalitet hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Vaziyatni tuzatish uchun vaqt kam qoldi. Kelajak uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va voqealarga muvozanatli qarash uchun intellektga ega bo‘lishimiz shart. Bu juda muhim.
Mening kelajagim hech narsaga bog‘liq emas. Rejalashtirish — natijadan tashqariga qarashga jur’at qilish demakdir. Buning ortida har doim kelajak uchun poydevor qo‘yadigan loyiha yotadi, nimanidir qurishga urinish bo‘ladi. Bu bir yoki ikki ochkolik farq tufayli o‘zgarib qolmaydi.
Biz ushbu o‘yindan keyin Chempionlar ligasiga chiqamizmi-yo‘qmi, baribir katta maqsadlar uchun kurashish imkoniyatini yaratmoqchimiz. «Fiorentina»ga qarshi o‘yindagi (0:2) natijadan xafamiz, ammo ertaga faqat g‘alaba qozonishimiz, «Fiorentina»ga qarshi o‘yindan yaxshiroq o‘ynashimiz va natija uchun bor kuchimizni berishimiz mumkin. Men bu klubga munosib o‘yin ko‘rishni istayman, — dedi Spalletti Football Italia nashriga.
Italiya chempionati tugashiga bir tur qolganda Luchano Spalletti jamoasi 68 ochko bilan oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Beshinchi o‘rindagi «Komo» ham 68 ochkoga ega. «Roma» va «Milan» esa 70 ochkodan to‘plagan holda mos ravishda to‘rtinchi va uchinchi o‘rinlarda bormoqda.













