«Real Madrid» prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasidagi mojaro haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq madridliklar futbolchilari 7 may kuni mashg‘ulot chog‘ida mushtlashib ketgani, oqibatda urugvaylik futbolchi bosh miya jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgani va unga chok qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi. Futbolchilar o‘rtasidagi ziddiyat undan bir kun avval boshlangan. Klub rahbariyati har ikkala futbolchini 500 ming yevro miqdorida jarimaga tortgan.
— «Real»ning kiyinish xonasidagi muhit buzilganmi?
— Men bilmayman, chunki men u yerda emasman. «Mushtlashuvlar bo‘lib turadi, lekin ma’lumotlar tashqariga chiqib ketishi normal holat emas», deyishdi. Menimcha, muammo ma’lumotlarning sizib chiqishida emas. Muammo shundaki, bunday vaziyatlar yuzaga kelyapti va kiyinish xonasida buni normal holat sifatida qabul qilishmoqda. Tizimda nimadir noto‘g‘ri. Shuning uchun ham biz sport va moliyaviy barcha jabhalarni professional darajaga olib chiqishimiz kerak. Har bir bo‘limida o‘z ishining ustalari ishlaydigan, aniq iyerarxiyaga ega va bu iyerarxiyaga hurmat bilan qaraydigan professional klubda bunday holat yuz bermasligi kerak.
— Ya’ni, siz iyerarxiyaga rioya qilinmayotganini aytmoqchimisiz?
— «Real» muxlisi sifatida shuni ayta olamanki, hozirgi kunda klubga iyerarxiya, professionallar, qadriyatlar va haqiqiy «Real» ruhi yetishmayapti. Bularning barchasi yo‘q.
— Valverde va Tchuameni o‘rtasidagi mushtlashuv holatini qanday hal qilgan bo‘lardingiz?
— Men bu mojaroning tafsilotlarini bilmayman. Men faqat matbuotda tarqalgan gap-so‘zlardan xabardorman va ularning barchasi haqiqat ekanligiga ishonchim komil emas. Barcha tafsilotlarni va voqeaning oldi-ortini bilmasdan turib, o‘z fikrimni bildirish uchun menda yetarli ma’lumot yo‘q, — dedi Rikelme.













