«Real Madrid» yarim himoyachisi Federiko Valverde jamoadoshi Orelyen Tchuameni bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Madrid Universal nashri xabar tarqatdi.
27 yoshli futbolchi ayni damda Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Urugvay terma jamoasi ixtiyoriga yetib borgan.
«O‘zimni a’lo darajada his qilyapman. «Real»ning barcha muxlislari va klubdan katta dalda oldim. Ba’zan hayotda va futbolda o‘sish hamda ulg‘ayish uchun shunday sinovlardan o‘tib turishga to‘g‘ri keladi», — dedi Valverde.
So‘nggi voqealar atrofidagi shov-shuvlarga qaramay, Valverde bor e’tiborini terma jamoaga yordam berishga qaratganini ta’kidladi:
«Men doim ushbu kubokni boshim uzra baland ko‘tarishni orzu qilaman. Jahon chempionatida g‘olib chiqish — bolalikdagi eng katta maqsadim».
Shuningdek, futbolchi Urugvay to‘rtinchi o‘rinni egallagan 2010 yilgi Jahon chempionatini yodga oldi:
«Biz o‘sha jamoaning g‘alabalari bilan ulg‘ayganmiz. Urugvay xalqi biz bilan faxrlanishi uchun o‘sha natijani takrorlashni juda istaymiz».
Eslatib o‘tamiz, Urugvay terma jamoasi guruh bosqichida Ispaniya, Saudiya Arabistoni va Kabo-Verde bilan kuch sinashadi.













