«Brentford» «Kyoln» hujumchisi Said El-Mala uchun rasmiy taklif bilan chiqdi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Angliya klubi 19 yoshli futbolchi uchun 40 million yevroni kafolatlangan summa sifatida, yana 5 million yevroni esa bonuslar ko‘rinishida to‘lashga tayyor. Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, «Kyoln» futbolchining kelajakdagi sotuvidan 15% ulush oladi.
«Kyoln» sport direktori Tomas Kessler taklif kelib tushganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan summa klubni «muzokaralarga ochiq» bo‘lishga undamoqda. Xabar qilinishicha, «Brentford» javob uchun ma’lum bir muddat belgilagan: agar yaqin kunlarda kelishuvga erishilmasa, inglizlar boshqa variantlarni ko‘rib chiqishni boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, «Kyoln» futbolchini 2025 yilda uchinchi divizion vakili — «Viktoriya»dan atigi 350 ming yevroga sotib olgan edi. O‘tgan mavsumda El-Mala Bundesligada 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













