UEFA saytida 2026 yilgi «Oltin to‘p»ni topshirish marosimi haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. Ma’lumki, 2024 yildan boshlab ushbu nufuzli sovrin France Football jurnali tomonidan UEFA bilan hamkorlikda topshirilmoqda.
Bu yil «Oltin to‘p» mukofotini topshirish marosimi ilk bor Londonda bo‘lib o‘tadi. Bu Stenli Metyuzga ko‘rsatilgan ehtirom belgisidir: aynan shu angliyalik futbolchi 70 yil muqaddam — 1956 yilda «Oltin to‘p»ning birinchi g‘olibi bo‘lgan edi.
«Oltin to‘p»ni topshirish marosimi 26 oktyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda «Oltin to‘p»ni «PSJ» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Usmon Dembele qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda esa favoritlar qatorida Garri Keyn, Lamin Yamal, Deklan Rays va boshqa futbolchilar tilga olinmoqda.













