"Liverpul" muvaffaqiyatsiz mavsumni o‘tkazdi va Arne Slotning iste’fosi haqidagi mish-mishlar matbuotda ilgari muntazam paydo bo‘lardi. Shunga qaramay, so‘nggi haftalarda bunday ma’lumotlar kamaygan edi va Slot baribir qoladigandek ko‘rinayotgandi — ayniqsa, "qizillar" Chempionlar ligasiga yo‘llanma olganidan keyin. Biroq, shanba kuni "Liverpul" niderlandiyalik mutaxassis bilan xayrlashganini e’lon qildi.
Daily Mail sahifalarida bu borada maqola e’lon qilindi. Unda aytilishicha, "Liverpul" futbolchilarining aksariyati uchun Arne Slotning ishdan bo‘shatilishi kutilmagan holat bo‘ldi.
"Ishdan bo‘shatish jamoa tarkibining katta qismi uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi, ular murabbiy so‘nggi haftalardagi tanqidlar to‘lqinidan o‘tib bo‘ldi deb hisoblashardi", — deyiladi materialda.
Ta’kidlanishicha, Arne Slot klubning qarori haqida juma kuni xabar topgan.













