Fransiya terma jamoasi sobiq hujumchisi Tyerri Anri «uch ranglilar» safidagi unchalik mashhur bo‘lmagan futbolchi Manu Kone haqida yuqori fikr bildirdi. 25 yoshli futbolchi jamoaning Jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritildi.
«Bir yigit borki, odamlar u haqda unchalik ko‘p bilishmaydi, u «Roma»da o‘ynaydi. Men u bilan Olimpiadada birga ishlaganman. Bu — Manu Kone. Menimcha, hozirgi vaqtda u dunyodagi eng yaxshi tayanch yarim himoyachilaridan biri», — deb Anrining so‘zlarini keltiradi «Sportbible».
«U o‘z ishini xotirjamlik bilan bajaradi va diqqat markazida bo‘lishga intilmaydi. Menimcha, uning nomi suhbatlarda juda kam tilga olinadi, garchi u Fransiya terma jamoasi asosiy tarkibida maydonga tushsa ham. Bunday jamoada o‘ynash uchun esa haqiqatan ham kuchli futbolchi bo‘lish kerak».
«Jahon chempionatida o‘ynaydimi yoki yo‘q, bilmadim, lekin hozirgi kunda aynan uni ushbu terma jamoada kam gapiriladigan futbolchi deb atagan bo‘lardim. Hamma Dembele, Due, Barkola, Saliba, Konate haqida gapiradi. Uning nomi esa deyarli tilga olinmaydi. Men esa uni juda-juda ishonchli futbolchi deb hisoblayman».
«U doim jamoaga yordam beradi. Bu aynan muxlislar chin dildan qadrlaydigan o‘yinchi turi — haqiqiy xalq suyuklisi. Masalan, men bir vaqtlar «Liverpul» muxlislari Dirk Kyoytni qanday yaxshi ko‘rganini eslayman. U tipik superyulduz emasdi, lekin odamlar uni jamoa o‘yiniga qo‘shgan hissasi uchun yaxshi ko‘rishardi. Manu ham aynan shunday futbolchi. Uni yaxshi ko‘rmaslikning iloji yo‘q, chunki u doim o‘yinga o‘zini 100 foiz bag‘ishlaydi».
Eslatib o‘tamiz, Kone hisobida Fransiya terma jamoasi safida o‘tkazilgan 12 ta o‘yin mavjud.













