Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente jamoa hujumchisi Lamin Yamalning jarohati haqida gapirdi. Avvalroq, futbolchi tizza orti payi jarohati tufayli Jahon chempionatining ikkita uchrashuvini o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
“Eng avvalo, biz uning yaxshi sport formasida yetib kelishiga ishonamiz. Klub bilan doimiy aloqadamiz va ular bizni Yamalning tiklanish jarayonidan har kuni xabardor qilib turishibdi. Biz uning ajoyib holatda bo‘lishini bilamiz. Men u birinchi o‘yinga tayyor bo‘ladi deb aytishim mumkin, ammo baribir tiklanish jarayonini kuzatishda davom etamiz”, deydi murabbiy.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Ispaniya terma jamoasi “H” guruhidan joy olgan bo‘lib, Saudiya Arabistoni, Kabo Verde hamda Urugvayga qarshi maydonga tushadi.
Yamal 18 yoshda bo‘lib, u “Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hujumchi asosiy jamoada 2023 yilning aprelidan buyon to‘p surib kelmoqda. U klub bilan birgalikda Ispaniya chempioni (2023, 2025, 2026) hamda Ispaniya Superkubogi sohibi (2025, 2026) bo‘lgan, shuningdek, mamlakat Kubogini (2025) qo‘lga kiritgan. Yamal milliy terma jamoa safida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 12 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. U terma jamoasi safida 2024 yilgi Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan.













