«Aqto‘be» klubi hujumchisi, portugaliyalik Luish Nani O‘zbekistondagi oilaviy dam olishidan lavhalarni namoyish qildi, deb xabar bermoqda Sports.kz.
Portugaliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va «Manchester Yunayted» afsonasi o‘zining Instagram sahifasida Toshkentda tasvirga olingan videolarni joylashtirdi. Unda Nani oilasi bilan birga mahalliy okeanarium hamda Magic Park ko‘ngilochar majmuasidagi attraksionlarga tashrif buyurgan.
Shuningdek, videolarning birida Nani va uning o‘g‘li turkcha muzqaymoq sotuvchisining mashhur chiqishini kuzatib turganini ko‘rish mumkin. Rolik davomida futbolchi rafiqasi va farzandlari bilan turli ko‘ngilochar maskanlarga borib, mahalliy aholi bilan muloqot qiladi va an’anaviy ko‘ngilochar mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.
«Shuncha tabassumlar va ajoyib xotiralar. A’lo darajadagi "Bolalarni himoya qilish kuni" uchun rahmat!» — deb yozdi futbolchi o‘z postida.
Nani joriy yilning yanvar oyi oxirida «Aqto‘be» klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Portugaliyalik futbolchi Qozog‘iston Premyer-ligasida yarim mavsum davomida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Yulduz futbolchining klub bilan shartnomasi 2026 yil dekabr oyining oxirigacha amal qiladi.













