Argentina milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messining 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. Avvalroq futbolchida chap oyoq orqa son mushaklarida charchoq alomatlari aniqlangan edi.
«Leo qancha xohlasa, shuncha o‘ynaydi. Chunki biz uning nimalarga qodir ekanini yaxshi bilamiz. Uning oltinchi jahon chempionatida ishtirok etayotgani hayratlanarli emas.
Qanday qilib bu hayratlanarli bo‘lishi mumkin? Hayratlanarlisi — uning milliy terma jamoa bilan atigi to‘rtta sovrin yutib olganidir. U yana ikki marta Amerika Kubogi va bir marta jahon chempionatida g‘olib chiqishga juda yaqin kelgan edi», — dedi Skaloni Globo nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi uchun JCH-2026 faoliyatidagi oltinchi mundial bo‘ladi. Argentinalik yulduz avvalroq jahon chempionati, Amerika Kubogi va boshqa nufuzli musobaqalarda mamlakat terma jamoasi bilan qator muvaffaqiyatlarga erishgan.













