Londonning «Arsenal» klubi vingeri Leandro Trossar yozgi transfer oynasida jamoasini o‘zgartirishi mumkin.
Jurnalist Ekrem Konurning ta’kidlashicha, Trossarning «Arsenal»dagi kelajagi katta so‘roq ostida turibdi, chunki u klubning keyingi mavsum uchun rejalariga kiritilmagan. 31 yoshli belgiyalik futbolchiga Madridning «Atletiko» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, unga «Nyukasl», «Aston Villa», «Inter» va «Yuventus» jamoalaridan ham e’tibor bor.
Ortda qolgan mavsumda Trossar barcha musobaqalarda jami 50 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va sheriklariga 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Vingerning «kanonirlar» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga yetadi. «Transfermarkt» mutaxassislari futbolchining transfer qiymatini 18 million yevroga baholashmoqda.













