Madridning «Real» klubi prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Visente del Boske uning jamoasiga kelib qo‘shilganini ma’lum qildi.
«Visente del Boske rahbarlik lavozimini egallash uchun bizning jamoamizga qo‘shilmoqda», — deya Rikelmening so‘zlarini keltiradi MadridZone nashri.
Shuningdek, u bosh murabbiylik lavozimiga nomzodlarning birontasi bilan ham gaplashmaganini ta’kidlab o‘tdi.
«Men Yurgen Klopp bilan hech qachon gaplashmaganman va biron bir murabbiy bilan ham aloqaga chiqmadim. Bu ish bilan men emas, balki sport rahbariyati shug‘ullanadi», — dedi Rikelme.
«Real» prezidentligi uchun saylovlar shu yakshanba, 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
2025/26 yilgi mavsumda «Real» 86 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Turnir g‘olibligini esa 94 ochko bilan «Barselona» qo‘lga kiritdi.













