Frankfurtning «Ayntraxt» klubi va Germaniya terma jamoasi chap qanot himoyachisi Nataniel Braun «Bavariya» bilan taxmin qilinayotgan kelishuv haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Germaniya OAVlarining ma’lumotlariga ishonadigan bo‘lsak, 22 yoshli futbolchi Myunxen klubiga o‘tishga rozilik bergan.
«Men butun e’tiborimni Jahon chempionatiga qaratganman, shu sababli hozir bu haqda gapirmayman. Terma jamoa ixtiyorida ekanligimdan xursandman. Yana bir bor takrorlayman, hozir barcha fikru xayolim Jahon chempionati va unga ko‘riladigan tayyorgarlik bilan band», — deya Braunning so‘zlarini Bayern & Germany nashri keltirmoqda.
Yakunlangan mavsumda futbolchi «Ayntraxt» safida barcha turnirlarda 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













