Madridning «Real» klubi prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme o‘z jamoasini klub afsonalari bilan kuchaytirishda davom etmoqda.
4 iyun kuni u sobiq darvozabon Iker Kasilyas o‘z shtabiga qo‘shilganini rasman e’lon qildi. Bu haqda Rikelmening yordamchilari tomonidan tarqatilgan bayonotda so‘z boradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, agar u 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozonsa, Kasilyas klub tuzilmasida «birinchi darajali» lavozimlardan birini egallaydi. Uning aniq ish yo‘nalishi hozircha oshkor qilinmayapti.
Shu tariqa, Rikelme «kapitanlar triosi» deb nomlangan jamoani shakllantirdi. Unga ko‘ra, Raul Gonsales Blanko sport direktori lavozimini egallashi mumkin, Fernando Yerro «Real» akademiyasi direktoriga aylanadi, Kasilyas esa klubning oliy rahbariyatidan joy oladi.
«Biz madridcha DNKni «Real»ning qoq markaziga qaytarmoqchimiz. Bizga ushbu klub bilan nafas oladigan insonlar kerak», — deya ta’kidladi Rikelme.
Eslatib o‘tamiz, Iker Kasilyas futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin ham «Real» tuzilmasida ishlash tajribasiga ega edi. Uning katta futbol siyosatiga funksioner sifatida qaytishi kutilmagan, ammo ramziy ma’noga ega qadam bo‘ldi.













