Myunxenning «Bavariya» klubi darvozabon Daniel Peresni «Sautgempton»ga sotdi.
Avvalroq, ijara muddati yakunlangach, futbolchini taxminan 8 million yevro evaziga to‘liq sotib olish imkoniyati mavjudligi haqida xabar berilgan edi.
«Sautgempton» klubi myunxenliklar darvozaboni Daniel Peresning 4 yillik shartnoma asosida jamoamizga doimiy ravishda ko‘chib o‘tganini e’lon qilishdan mamnun.
25 yoshli golkiper yanvar oyida nemis klubidan ijara asosida kelganidan so‘ng, bizning safimizda muvaffaqiyatli davrni o‘tkazdi. U «avliyolar»ning mudofaa chizig‘i ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga katta hissa qo‘shdi va Tonda Ekert jamoasining Chempionshipdagi 21 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini qayd etishida muhim rol o‘ynadi.
Peres ushbu mag‘lubiyatsiz seriyaning har bir daqiqasida maydonda harakat qildi va 8 ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi (quruq o‘yin o‘tkazdi). Shuningdek, «avliyolar» Angliya Kubogi yarim finaliga qadar yetib borgan bosqichlarda, Premyer-liga vakillari — «Fulxem», «Arsenal» va «Manchester Siti»ga qarshi bahslarda ham unutilmas o‘yinlar namoyish etdi.
O‘z faoliyatini Tel-Avivning «Makkabi» klubida boshlagan va u yerda 100 dan ortiq uchrashuv o‘tkazgan Peres, «Bavariya» safida Manuel Noyerning dublyori sifatida 7 ta o‘yinda maydonga tushgan edi.
Yakunlangan mavsumning o‘rtasida jamoamizga kelib qo‘shilgan posbon «Sautgempton» safida barcha musobaqalarda jami 26 ta uchrashuvda qatnashdi. U Chempionshipning tig‘iz va og‘ir grafigiga juda tez moslasha oldi va mazkur bahslarning faqatgina 2 tasida mag‘lubiyat alamini tortdi xolos», — deyiladi «Sautgempton» klubining rasmiy saytida.













