Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Rodri Lamin Yamal vaqti kelib baribir «Oltin to‘p»ni boshi ustida baland ko‘tarishiga ishonchi komil.
«Kun kelib u «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritadi — u haqiqiy mahluq. Yamal — ajoyib yigit. U bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Odamlar uni u qadar yaxshi bilishmaydi. Men ularga Yamalni yaqindan tanishni maslahat bergan bo‘lardim. U — fantastik inson.
OAVning e’tiborimi? Bu bilan yashashga ko‘nikish kerak. Yamal o‘z yoshiga nisbatan hayratlanarli darajada ulg‘aygan. Qaysidir ma’noda matbuotda uning obrazi noto‘g‘ri talqin qilinadi. U o‘z yoshi uchun lol qoldiradigan darajadagi qadriyatlarga ega bo‘lgan ajoyib yigit. Uning bor-yo‘g‘i 18 yoshda ekanini unutmaslik lozim», — deya Rodrining so‘zlarini keltiradi Goal portali DAZN telekanaliga tayanib.
Eslatib o‘tamiz, Rodri 2024 yilda «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan edi.













