«Manchester Yunayted» ijrochi direktori Omar Berrada o‘g‘li ilgari «Manchester Siti»ga muxlislik qilganini tan oldi. Fransiyalik biznesmen «MYU»dagi lavozimiga 2024 yilning yozida tayinlangan edi. Bungacha u qariyb 13 yil davomida «shaharliklar» tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
«O‘g‘lim «Manchester Siti» muxlisi edi. Men «Yunayted»ga o‘tganimdan keyin uning menga aytgan birinchi gapi shunday bo‘ldi: «Siz u yerda ishlashingiz mumkin, lekin men «Siti»ni qo‘llab-quvvatlashda davom etaman». Men esa: «Yaxshi, bu sening tanloving», deb javob berdim. Ammo hozir hammasi o‘zgardi — u «Yunayted»ning to‘laqonli muxlisiga aylandi. U o‘yinlarga tez-tez tashrif buyurib turadi, sevimli futbolchisi esa — Brayan Mbeumo», — deya Berradaning so‘zlarini keltiradi Angliya OAVlari.
Yakunlangan mavsumda «qizil iblislar» Premyer-ligada uchinchi o‘rinni egallashdi. «Manchester Siti» esa ikkinchi pog‘onadan joy oldi.













