Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham bo‘lajak Jahon chempionati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. «Uchranglilar» mundialning asosiy favoritlari qatoriga kiritilmoqda. Biroq Desham fransuzlarning 2002 yilgi musobaqada qanday ishtirok etganini yodga oldi.
«Hozir tarkibimizda juda ko‘plab iqtidorli hujumkor futbolchilar bor. Ular buni o‘z klublarida ham, terma jamoada ham isbotlashmoqda. Ammo mening xotiram pand bermaydi. 2002 yilda Fransiya tarkibida Angliya, Italiya va Fransiya ligalarining eng yaxshi to‘purarlari bor edi, lekin biz birorta ham gol ura olmay, guruh bosqichidayoq turnirdan chiqib ketganmiz», — deya Deshamning so‘zlarini keltiradi Le Parisien.
2002 yilgi Jahon chempionatida Fransiya terma jamoasi Senegal (0:1), Urugvay (0:0) va Daniya (0:2) terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda bor-yo‘g‘i bir ochko to‘plagan edi. O‘shanda fransuzlar tarkibida Tyerri Anri, Zinedin Zidan, David Trezege va Jibril Sisse kabi ko‘plab yulduzlar to‘p tepishgan.













