Xorvatiyalik yarim himoyachi Luka Modrich milliy terma jamoa safidagi o‘yinlari sonini 198 taga yetkazib oldi. Bu natija unga mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha argentinalik hujumchi Lionel Messi bilan birga ikkinchi o‘rinni bo‘lishib olish imkonini berdi.
Ushbu natija Sloveniyaga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida (2:1) qayd etildi. Mazkur bahsda Modrich, shuningdek, uchrashuvdagi hisobni ham ochdi.
Bu borada mutlaq rekordchi portugaliyalik Krishtianu Ronaldu (227 ta o‘yin) bo‘lib turibdi. Ushbu uchchala futbolchi ham o‘z jamoalarining bo‘lajak Jahon chempionati (JCH-2026) final bosqichi uchun tasdiqlangan yakuniy qaydnomasidan joy olgan.
40 yoshli Luka Modrich 2025 yilning iyul oyidan buyon «Milan» sharafini himoya qilib kelmoqda. Bungacha (2012 yil yozidan) u «Real»da, undan avval esa Zagrebning «Dinamo»si hamda «Tottenxem» klublarida to‘p surgan. «Real»dagi faoliyati davomida u 6 marta Chempionlar ligasida, 5 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida, 4 marta Ispaniya chempionatida, 2 marta Ispaniya kubogida va 5 marta Ispaniya superkubogida zafar quchgan.
2018 yilda mahoratli yarim himoyachi «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, uning hisobida jahon chempionatlarining kumush (2018) va bronza (2022) medallari ham bor. JCH-2026 u uchun faoliyatidagi beshinchi Jahon chempionati bo‘ladi.













