Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel 2026 yilgi Jahon chempionati final bosqichi oldidan milliy jamoa safiga kelib qo‘shilgan «Arsenal» futbolchilaridan qanday foydalanish borasida hali bir qarorga kelmadi.
«Biz ularga ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etamiz, chunki bu tayyorgarlikning bir qismidir. Shundan so‘ng Xorvatiyaga qarshi bahsgacha bizda 6 kun atrofida vaqt bo‘ladi. Ayrim futbolchilar 60 yoki 70 daqiqa harakat qilishlari kerak. «Arsenal»ning to‘rttala o‘yinchisi ham maydonga tushadimi? Bunga to‘liq ishonchim komil emas.
O‘yin vaqtini to‘g‘ri taqsimlab olish uchun bizda yana bir yopiq formatdagi uchrashuv bo‘ladi. Sababi, agar kimdir Kosta-Rikaga qarshi 70 daqiqa, boshqa birov esa bor-yo‘g‘i 20 daqiqa o‘ynasa, bu yetarli bo‘lmaydi. Shu bois, ayrim futbolchilar 20 yoki 30 daqiqa o‘ynashadi va ertasi kuni yana maydonga tushishadi», — deya germaniyalik mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda «PA» axborot agentligi.
Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni Angliya terma jamoasi Orlandoda Kosta-Rikaga qarshi o‘ynaydi. Shundan so‘ng yopiq formatda «Mayami» klubi bilan yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tadi.













