Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Rafinya Dias va Vinisius Junior tandemi (bog‘lami) haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Ular ishtirok etgan va 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida «pentakampeonlar» Misr terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etishdi.
«Ushbu juftlik maydonda juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Ularning sifatli hamkorligi evaziga biz ko‘plab vaziyatlar yaratyapmiz, ayniqsa, bugungi uchrashuv juda yaxshi chiqdi», — deya Anchelottining so‘zlarini keltirmoqda «Globo» nashri.
Shu bilan bir qatorda, Anchelotti o‘yinning so‘nggi qismidan norozi bo‘ldi. Sababi, bahsning oxirgi 30 daqiqasida jamoa o‘yin nazoratini yetarli darajada ushlab tura olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichining 1-turi doirasida Braziliya terma jamoasi Marokashga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da boshlanadi.













