«Manchester Siti»ning sobiq hujumchisi Serxio Aguero faoliyati davomida «Chelsi»ga o‘tishi mumkin bo‘lganligini so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu transfer ikki marta — 2010 va 2017 yillarda amalga oshishi mumkin edi.
«Men «Chelsi»ga o‘tishga juda yaqin edim, biroq so‘nggi soniyalarda «Manchester Siti» kelishuvni buzib qo‘ydi. Diyego Kosta ketayotgani sababli Konte meni o‘z jamoasida ko‘rishni istagandi.
«Chelsi» meni hali «Atletiko»da o‘ynab yurgan paytlarimda, ya’ni 2010 yilda ham sotib olmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Frenk Lempard «Manchester Siti»da o‘ynagan kezlarida gaplashgandik. U menga qarshi o‘ynagan paytlarida «Chelsi» rahbariyatiga meni sotib olishni maslahat berganini aytgandi», – dedi Aguero.
Eslatib o‘tamiz, Serxio Aguero 2011 yildan 2021 yilgacha «Manchester Siti» sharafini himoya qilgan. Argentinalik forvard klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan.













