UYEFAning sobiq rahbari Mishel Platini Parij sudiga FIFAning bir qator sobiq mulozimlari, jumladan, tashkilotning amaldagi prezidenti Janni Infantinoga qarshi jinoiy va fuqarolik da’vo arizalarini yubordi. Bu haqda Reuters nashri xabar bermoqda.
Manbaning xabariga ko‘ra, 2015 yilda Platiniga qarshi qo‘yilgan korrupsiya ayblovlari sudga murojaat qilish uchun asos bo‘lgan. Da’vogarning ta’kidlashicha, o‘sha paytdagi voqealar unga 2016 yilda FIFA rahbarligiga o‘z nomzodini qo‘yishga to‘sqinlik qilgan.
Qayd etilishicha, Fransiyada FIFAning sobiq yuridik direktori Marko Villiger va audit qo‘mitasining sobiq raisi Domeniko Skalaga nisbatan jinoiy tergov boshlangan. Ularga «g‘arazli ta’qib qilish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish» ayblovlari qo‘yilgan. Fuqarolik ishi doirasida esa Platini FIFAdan yetkazilgan zararni to‘liq qoplashni talab qilmoqda va tashkilot ichida uning oliy lavozimga saylanishini to‘sib qo‘yish uchun harakatlar bo‘lganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Shveysariya federal adliya byurosi FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatterga nisbatan tergov boshlagan edi. U Blatter tomonidan Platiniga 1998 yildan 2002 yilgacha ko‘rsatilgan maslahat xizmatlari uchun 2 million shveysariya franki (taxminan 2 million yevro) miqdorida noqonuniy pul o‘tkazib berilganlikda gumon qilingandi. 2025 yilning mart oyida Shveysariya jinoiy sudining apellyasiya palatasi ushbu ish bo‘yicha oqlov hukmini chiqardi.
2015 yilning dekabr oyida FIFA odob-axloq qo‘mitasining hakamlik palatasi Blatter va Platinini 8 yilga futboldan chetlashtirgan edi. Keyinchalik Blatterning diskvalifikasiya muddati 6 yilga, Platininiki esa 4 yilga qisqartirilgan.













