Madridning «Real» klubi rasmiy bayonot berib, jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa bilan hamkorlik to‘xtatilganini ma’lum qildi.
«Real Madrid» va Alvaro Arbeloa birinchi jamoa bosh murabbiyi lavozimidagi faoliyatini yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Klub Alvaroga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildiradi. U akademiyamizga kelgan ilk kunlaridan boshlab klubdagi butun faoliyati davomida sadoqat, mas’uliyat va professionallikni namoyon etdi. Uning shaxsi klubimiz qadriyatlarining yorqin namunasi hisoblanadi. Doimo uning uyi bo‘lib qoladigan «Real» Alvaro Arbeloa va uning butun oilasiga hayotlarining yangi bosqichida ulkan muvaffaqiyat va omad tilaydi», — deyiladi bayonotda.
Yaqin vaqt ichida «Real»ning yangi bosh murabbiyi etib Joze Mourinyu tayinlanishi kutilmoqda. Portugaliyalik mutaxassis avval ham 2010–2013 yillar davomida madridliklar jamoasini boshqargan.













