Kolumbiya terma jamoasi futbolchisi Xames Rodriges vatandoshi Luis Diasning «Oltin to‘p» uchun kurasha olishi haqidagi savolga javob berdi.
29 yoshli futbolchi «Bavariya»dagi debyut mavsumini hayratlanarli darajada o‘tkazib, jamoa tarkibida Bundesliga va Germaniya Kubogi g‘olibiga aylandi, shuningdek, Chempionlar ligasining yarim finaligacha yetib bordi.
«Luis Dias «Oltin to‘p»ni yutishi mumkinmi? Nima uchun yo‘q? Mening fikrimcha, u hozirgi vaqtda dunyoning eng yaxshi beshta futbolchisidan biri hisoblanadi. Agar biz Jahon chempionatining finaligacha yetib borsak, u bemalol «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi mumkin», — deya jurnalist Fabrisio Romano Xamesning so‘zlarini keltiradi.
Kolumbiya terma jamoasi guruh bosqichida O‘zbekiston, Portugaliya va DR Kongo bilan bir guruhda o‘ynaydi.













