«Manchester Yunayted» darvozaboni Andre Onana faoliyatini doimiy asosda «Trabzonspor»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Turkiya klubi prezidenti Ertugrul Doganga tayangan holda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Kamerunlik golkiper 2025/26 yilgi mavsumni «Trabzonspor»da ijara asosida o‘tkazdi va jamoasining Turkiya chempionatida uchinchi o‘rinni egallashiga hamda mamlakat Kubogida zafar quchishiga yordam berdi. Doganning so‘zlariga ko‘ra, klub futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini allaqachon kelishib olgan.
«Andre Onana jamoada qoladi deb o‘ylayman. Biz uning moliyaviy talablarini bajardik. Muxlislar uni yaxshi ko‘rishadi, u ajoyib inson, shuning uchun biror bir muammo yuzaga keladi deb hisoblamayman. Menimcha, boshqa hech qaysi klub unga bu darajada qiziqish bildirmaydi, shu sababli u biz bilan qoladi degan fikrdaman», — dedi «Trabzonspor» prezidenti.
Qayd etilishicha, klublar o‘rtasida hali to‘liq kelishuvga erishilmagan, biroq «Manchester Yunayted» shu yozda darvozabonni sotib yuborish variantlarini ko‘rib chiqishga tayyor.
Onana Angliya klubiga 2023 yilda «Inter»dan ko‘chib o‘tgan edi. U «Manchester Yunayted» safida barcha turnirlarda 102 ta o‘yinda maydonga tushib, 150 ta gol o‘tkazib yubordi va 24 ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.













