Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Hossam Hassan jahon chempionati guruh bosqichining 1-turida Belgiya bilan qayd etilgan durang natijadan (1:1) so‘ng jamoasining o‘sishini yuqori baholadi.
Misrliklar 19-daqiqada Imam Ashurning sa’y-harakatlari bilan hisobni ochishgan edi, biroq Muhammad Hanining avtogoli belgiyaliklarga hisobni tenglashtirish imkonini berdi.
«Bugun g‘alaba qozona olmagan bo‘lsak-da, futbolchilarim bilan faxrlanaman. O‘yinchilar men oxirgi 2 yil davomida ustida ishlayotgan taktik g‘oyalarni maydonda amalga oshirashayotganidan xursandman. Men ularga doim boshqacha futbol o‘ynashimiz kerakligini va istalgan jamoaga qarshi bahs olib bora olishimizni aytib kelganman», — deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi Ahram portali.
Misr terma jamoasi navbatdagi uchrashuvni guruh bosqichining 2-turi doirasida 22 iyun kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazadi.













