Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Toshkentda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston futbolchilarining mundialda Kolumbiyaga qarshi ilk o‘yinini ijobiy baholadi va terma jamoaning ruhini ko‘tardi.
“O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas, birinchi marta 34 yil biz kutgan voqea bo‘ldi. Shuning uchun kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi desak, bu ham to‘g‘ri. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz — bu ham g‘alaba”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari vatanparvar va fidoiy yoshlar bilan faxrlanishini, ular hozirgi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari ekanini ta’kidladi.
“Hali oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar borligini ko‘rdingiz. Farzandlarim, qahramonlarim ko‘p narsaga qodir ekanini ham bildirdi. Shuning uchun faqat omad tilaymiz biz. Olg‘a, O‘zbekiston”, dedi prezident.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham matbuot anjumanida o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va shogirdlari bilan faxrlanishini ta’kidladi. Italiyalik mutaxassis Kolumbiya singari yuqori darajadagi jamoalarga qarshi o‘ynash, ayniqsa, to‘psiz harakat qilish oson emasligini, shunga qaramay, yigitlar o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishganini aytdi.
O‘zbekiston Jahon chempionatining debyut uchrashuvida Kolumbiyaga 1:3 hisobda mag‘lub bo‘ldi. Sofascore portaliga ko‘ra, Abbosbek Fayzullayev “oq bo‘rilar” safida eng yaxshi futbolchi deb topildi. U 60-daqiqada O‘zbekistonning yagona va hisobni tenglashtiruvchi goliga mualliflik qildi.













