O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi JCH-2026 guruh bosqichining birinchi tur bahsi hozircha turnirning eng ko‘p tomoshabin yig‘gan o‘yini maqomini saqlab turibdi.
Birinchi tur doirasida o‘tkazilgan bahslar orasida Braziliya, Fransiya va Argentina kabi top terma jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar ham «Asteka» stadionida qayd etilgan tomoshabinlar sonini ortda qoldira olmadi. Ayni paytga qadar guruh bosqichida 24 ta uchrashuv o‘tkazildi va eng yuqori tashrif buyuruvchilar ko‘rsatkichi ikkita o‘yinga tegishli bo‘lib turibdi: O‘zbekiston — Kolumbiya hamda Meksika — Janubiy Afrika Respublikasi. Har ikki bahsni 80 824 nafar tomoshabin kuzatgan.
Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni mos ravishda Braziliya — Marokash (80 663) hamda Fransiya — Senegal (80 545) uchrashuvlari egallab turibdi.
JCH-2026 birinchi turining eng ko‘p tomoshabin yig‘gan 10 ta uchrashuvi:
1. O‘zbekiston — Kolumbiya («Asteka», Mexiko) — 80 824
2. Meksika — JAR («Asteka», Mexiko) — 80 824
3. Braziliya — Marokash («Metlayf», Ist-Raterford) — 80 663
4. Fransiya — Senegal («Metlayf», Ist-Raterford) — 80 545
5. AQSH — Paragvay («SoFi», Inglvud) — 70 492
6. Angliya — Xorvatiya («AT&T», Arlington) — 70 389
7. Eron — Yangi Zelandiya («SoFi», Inglvud) — 70 108
8. Niderlandiya — Yaponiya («AT&T», Arlington) — 69 285
9. Argentina — Jazoir («Errouxed», Kanzas-Siti) — 69 045
10. Portugaliya — Kongo («NRG», Xyuston) — 68 777
Jahon chempionati boshlanishidan oldin ham xalqaro OAVlarda aynan O‘zbekiston terma jamoasining mundialdagi debyut uchrashuviga eng ko‘p chiptalar sotib olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.
O‘zbekistonning jahon chempionatlari tarixidagi ilk uchrashuvi 18 iyun kuni Mexiko shahridagi «Asteka» stadionida bo‘lib o‘tdi va Kolumbiyaning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvning 60-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev mamlakatimiz tarixidagi mundiallarda kiritilgan ilk golga mualliflik qildi.













