Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messining otasi Xorxe Messining sog‘ligi haqida tarqalgan mish-mishlar yuzasidan uning oilasi rasmiy bayonot berdi.
Avvalroq ayrim OAVlarda Messi JCH-2026 guruh bosqichidagi Jazoirga qarshi bahsda (3:0) birinchi golini urganidan keyin otasining kasalligi sabab ko‘z yoshi to‘kkani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Bayonotda shunday deyiladi:
«Messilar oilasi shuni ma’lum qiladiki, ayni paytda Xorxe Messi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muayyan muammolarga duch kelmoqda. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, tiklanish jarayonini o‘tamoqda va ijobiy natijalar namoyon qilmoqda.
So‘nggi soatlarda tarqalgan xabarlar, mish-mishlar va turli taxminlar munosabati bilan oila ayrim shaxslarning o‘ta shaxsiy oilaviy masalani muhokama qilishda yetarli darajada hurmat, odob va sezgirlik ko‘rsatmaganidan qattiq norozi ekanini bildiradi.
Shuningdek, oila Xorxe Messining ahvoli haqida aniq va ishonchli ma’lumotlarga faqat uning eng yaqin qarindoshlari ega ekanini ta’kidlaydi. Shu sababli oila yoki uning rasmiy kanallaridan tashqari manbalar tomonidan tarqatilgan har qanday versiya, bayonot yoki ma’lumot haqiqat sifatida qabul qilinmasligi kerak.
Bunday vaziyatda barchadan mas’uliyat, ehtiyotkorlik va insoniylikni saqlashni so‘raymiz.
Inson salomatligi va uning yaqinlarining ruhiy xotirjamligi turli taxminlar yoki mas’uliyatsiz media e’tibori mavzusiga aylanmasligi lozim. Biz qo‘llab-quvvatlash, hurmat va g‘amxo‘rlik bildirilgan barcha xabarlar uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz hamda ushbu jarayon davomida Xorxe va uning oilasining shaxsiy hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘raymiz.
Muhim yangiliklar bo‘lgan taqdirda, ular oila tomonidan tegishli rasmiy kanallar orqali e’lon qilinadi. Tushunganingiz uchun rahmat».
Ushbu bayonotni The Touchline sahifasi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.













