«RB Leypsig» vingeri Yan Diomande «Liverpul»dan ancha foydaliroq moliyaviy taklif olganiga qaramay, faoliyatini «PSJ»da davom ettirishga qaror qildi.
Parijliklar ushbu istiqbolli ivuarlik futbolchi bilan kelishuvga juda yaqin turishibdi. Jurnalist Loik Tanzining ma’lum qilishicha, «Liverpul» 19 yoshli futbolchiga ancha salmoqli ish haqi taklif qilgan, biroq u baribir Fransiyaga ko‘chib o‘tish variantini afzal ko‘rgan. «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike bilan bo‘lib o‘tgan shaxsiy suhbat yosh futbolchida juda katta taassurot qoldirgan.
Transfer shartlarini «RB Leypsig» klubi bilan kelishib olish oson bo‘lmaydi, biroq Liga 1 grandi rahbariyati ushbu bitimni iloji boricha tezroq yopishga umid qilmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, nemis klubi o‘z yulduzi uchun 120 million yevrodan ko‘proq mablag‘ talab qilmoqda.













