Rossiyaning «Evro-Futbol.Ru» portali O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilariga JCH-2026 guruh bosqichining so‘nggi turida DR Kongoga (1:3) qarshi o‘tkazilgan o‘yin uchun baho qo‘ydi, deb xabar beradi Sports.kz.
«Abduqodir HUSANOV — 3,0. Husanov uchun ilk jahon chempionati omadsiz keldi. Hozircha u faqat tajriba to‘plamoqda. Ammo u Vissa bilan o‘ta zich va mahkam o‘ynash kerakligini bilmaydimi? Shunga qaramay, Husanov raqibning to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelishiga imkon berdi va oyog‘iga zarba berdi — penalti borasida hech qanday shubha yo‘q. Uchinchi goldan oldin esa Husanov Vissani umuman nazar-pisand qilmadi — ya’ni uning to‘pni xotirjam qabul qilib olganiga ko‘z yumdi. Keyin esa Vissa yarim maydonni kesib o‘tib, to‘pni uzoq burchakka joylab qo‘ydi.
Abbosbek FAYZULLAYEV — 7,0. Birinchi bo‘limda SSKA sobiq futbolchisi yaxshi taassurot qoldirdi. Muhim paslarni amalga oshirmadi, ammo Shomurodovga «ko‘rinmas assist» qayd etdi: raqib e’tiborini o‘ziga tortib, Mozgovoyning uzatmasidan so‘ng to‘pga tegmaslikka qaror qildi. Abbosbek himoyada ham yaxshi ishladi, uch marta muvaffaqiyatli to‘p tortib oldi. To‘rt marta qoidabuzarlik qilgani esa uning jangchilik ruhidan dalolat beradi. Biroq ikkinchi bo‘limda Fayzullayev va uning jamoasining avvalgi shijoati yo‘qoldi.
Eldor SHOMURODOV — 7,5. Shomurodov o‘z ishini bajardi — chiroyli «parashyut» zarbasi bilan O‘zbekistonga g‘alaba keltirishi mumkin bo‘lgan golni urdi. Agar ikkinchi bo‘limda «oq bo‘rilar» orqaga chekinib, qo‘rqoqlarcha o‘ynamaganida, jamoa ijobiy natijaga erishishi mumkin edi. Balki bu Kannavaroning ko‘rsatmasi bo‘lgandir, ammo hozir bu haqda taxmin qilishning o‘rni emas. Birinchi bo‘limda Eldor pressingda faol qatnashdi, uch marta to‘pni olib qo‘ydi, ya’ni jamoaga har tomonlama yordam berdi. U ko‘plab to‘p yo‘qotgani (22) va ikkinchi bo‘lim boshida darvoza to‘sini ustidan zarba berganini tanqid qilish mumkin. Ammo O‘zbekiston jamoasi hujumga o‘tishda davom etganida, Eldorda yana vaziyatlar bo‘lishi mumkin edi», — deyiladi nashrda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JCH-2026 guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, ochkosiz qoldi va K kvartetida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Turnir davomida Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va DR Kongo (1:3) terma jamoalariga mag‘lub bo‘lishdi.













