"Barselona"ning sobiq hujumchisi Kristian Telyo professional futboldagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Ispaniyalik futbolchi 35 yoshida butsalarini mixga ilishga qaror qildi.
Telyo professional faoliyati davomida jami 512 ta uchrashuvda maydonga tushdi. "Barselona" tarbiyalanuvchisi kataloniyaliklarning asosiy jamoasida 86 ta o‘yin o‘tkazib, 20 ta gol va 14 ta golli uzatma qayd etgan. Keyinchalik u "Portu", "Fiorentina" va "Betis" kabi klublarda ham to‘p tepdi. "Betis" safida esa 172 uchrashuvda 24 ta gol urdi va 20 ta assist amalga oshirdi.
Ispaniyalik vinger faoliyatining so‘nggi yillarida "Los-Anjeles", Saudiya Arabistonining "Al-Fath" va "Al-Oruba" hamda BAAning "Palm Siti" klublarida harakat qildi.
"Bugun hayotimning bir qismi bilan xayrlashyapman. Futbol menga hamma narsani berdi. U bir paytlar imkonsizdek tuyulgan orzularimni amalga oshirish, umrbod yodimda qoladigan insonlar bilan tanishish va unutilmas lahzalarni boshdan kechirish imkonini berdi", — deya Telyoning xayrlashuv so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.
Telyo "Barselona" bilan ikki marta La Liga va Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. U Ispaniya milliy terma jamoasi safida ham bir marta maydonga tushgan.













