«Seltik» klubi sobiq bosh murabbiyi Ange Postekoglu nomzodi da’vogarlar qatorida tilga olinayotgan bo‘lsa-da, uning Shotlandiya terma jamoasini boshqarishi amrimahol. Bu haqda talkSPORT eksperti Saymon Jordan ma’lum qildi.
Avvalroq xabar berilganidek, Stiv Klark iste’foga chiqarilgach, Shotlandiya milliy jamoasi bosh murabbiyligi kursisi bo‘shab qolgan va Postekoglu asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi. Biroq Jordanning fikricha, avstraliyalik mutaxassis katta ehtimol bilan bu taklifni rad etadi.
«Agar u moliyaviy tomonlama katta yon bosishlarga rozi bo‘lmasa, Shotlandiyani boshqarmaydi. U o‘zini elita darajasidagi murabbiy deb hisoblaydi va bu lavozim u kutgan natijalarni taqdim eta olmaydi», — dedi ekspert.
Ma’lumot uchun, Shotlandiya terma jamoasi kuzda start oladigan Millatlar ligasi musobaqasiga qadar yangi bosh murabbiyni tayinlashi lozim.













