Paolo Maldini Italiya terma jamoasining texnik direktori lavozimini egallashga rozilik bildirdi, deb xabar bermoqda jurnalist Ekrem Konur. Tayinlov haqidagi rasmiy bayonot yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, 58 yoshli Maldini avvalroq «Milan»da texnik direktor lavozimida faoliyat yuritgan (2019–2023) va 2022 yilda klubning skudettoni qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shgan.
Italiya terma jamoasi o‘tish o‘yinlarining finalida Bosniya va Gersegovinaga imkoniyatni boy berib, 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan edi. Shu tariqa, Maldini jamoa yangi sikl oldidan katta qayta qurish jarayonini boshlayotgan bir davrda o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.













